Hisobz Poultry maxfiylik siyosati
Oxirgi yangilanish: 2026-yil 31-oktabr
Hisobz Poultry — parranda xo‘jaligi hisobini yuritish uchun ilova va veb-panel. Bu sahifa biz qanday ma’lumotni yig‘ishimiz, nima uchun ishlatishimiz va uni qanday o‘chirish mumkinligini tushuntiradi.
Biz yig‘adigan ma’lumotlar
- Hisob ma’lumotlari: ism, telefon raqami yoki login, tashkilot nomi. Parol ochiq holda saqlanmaydi, faqat xeshi saqlanadi.
- Xo‘jalik yozuvlari: siz kiritadigan ish ma’lumotlari — partiya, yem, nobud, savdo, xarajat, to‘lovlar, shuningdek mijoz, ta’minotchi va xodimlarning ismi va telefoni.
- Joylashuv: ro‘yxatdan o‘tishda va yangi xo‘jalik qo‘shishda, ruxsat bersangiz, joriy joylashuvingiz bir marta olinadi. U xo‘jalik viloyatini avtomatik tanlash uchun kerak va taxminan 100 metrgacha yaxlitlanib, xo‘jalikka bog‘lab saqlanadi. Ilova joylashuvni fonda kuzatmaydi. Android ilovasida ro‘yxatdan o‘tish uchun joylashuv kerak. iOS ilovasida u majburiy emas: ruxsat bermasangiz, viloyatni shu formada o‘zingiz tanlaysiz va koordinata saqlanmaydi.
- Rasmlar: faqat o‘zingiz suratga olgan yoki galereyadan tanlagan rasm serverga yuklanadi va tegishli yozuvga biriktiriladi. Ilova galereyangizni o‘zi yig‘maydi.
- Qurilma va sessiya: qurilma turi (masalan, «iPhone · iOS 17.4»), platforma va ilova versiyasi. Ular profilingizdagi «Faol qurilmalar» ro‘yxati uchun saqlanadi.
- IP manzil: kirish va ro‘yxatdan o‘tishda urinishlar sonini cheklash, ya’ni hisobingizni parol tanlash hujumidan himoya qilish uchun ishlatiladi.
- Murojaatlar: ilova orqali yuborgan murojaat va so‘rovlaringiz matni.
Yig‘maydiganlarimiz
Ilovada reklama, reklama identifikatori, tashqi analitika va kuzatuv vositalari yo‘q. Telefoningiz kontaktlariga va mikrofoniga kirmaymiz. Ma’lumotlaringizni sotmaymiz.
Ma’lumot nima uchun ishlatiladi
Faqat xizmatni ishlatish uchun: hisobga kirish, xo‘jalik hisob-kitobini yuritish, hisobotlar tayyorlash, xavfsizlikni ta’minlash va murojaatlaringizga javob berish.
Telefonda nima saqlanadi
- Kirish tokenlari telefonning himoyalangan xotirasida (iOS Keychain, Android Keystore) saqlanadi.
- Oflayn ko‘rish uchun javoblar keshi AES-256-GCM bilan shifrlanadi, kaliti himoyalangan xotirada turadi. Kesh yozuvi 7 kundan keyin ko‘rsatilmaydi, tizimdan chiqqaningizda o‘chiriladi.
- Internet yo‘qligida kiritilgan yozuvlar yuborilguncha ilovaning o‘z xotirasida navbatda turadi.
- Eslatmalar telefonning o‘zida rejalashtiriladi. Biz push-token yig‘maymiz.
- Veb-panel kirgan foydalanuvchi uchun sessiya cookie’sidan foydalanadi.
Kim ko‘radi
Xo‘jalik yozuvlarini tashkilotingiz egasi va u ruxsat bergan xodimlar ko‘radi. Ma’lumot server bilan faqat HTTPS orqali almashiladi. Quyidagi xizmatlar ishtirok etadi:
- server joylashgan hosting provayderi;
- telefoningiz operatsion tizimining joylashuv xizmati (Apple yoki Google) — koordinatadan viloyat nomini aniqlashda;
- SMS tasdiqlash yoqilgan bo‘lsa, kod yuborish uchun telefon raqamingiz SMS provayderiga uzatiladi.
Saqlash muddati
Ma’lumotlar hisobingiz faol ekan saqlanadi. Sessiya ko‘pi bilan 90 kun amal qiladi, keyin qayta kirish kerak bo‘ladi.
Hisobni o‘chirish
Ilovada: Yana › Hisob › Yordam va murojaat › Hisobni o‘chirish so‘rovi. So‘rovni tasdiqlab yuboring. Ilovaga kira olmasangiz, ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamingizdan +998 88 617 10 09 raqamiga murojaat qiling.
So‘rov 30 kun ichida qo‘lda bajariladi. Login, ism, telefon, rasm va lokatsiya o‘chiriladi. Hisob bilan bog‘liq moliyaviy yozuvlar qonunan yoki boshqa xodimlar uchun kerak bo‘lsa, ism-familiyasiz qoladi.
So‘rov holatini ilovadagi shu bo‘limda ko‘rasiz. Xodim hisobini tashkilot egasi ham to‘xtatishi mumkin.
Bolalar
Xizmat xo‘jalik va biznes yuritadigan foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan, bolalarga qaratilmagan.
O‘zgarishlar va aloqa
Siyosat o‘zgarsa, yangilangan matn shu sahifada yangi sana bilan e’lon qilinadi. Savollar uchun: +998 88 617 10 09.